Axilles payi uzilgach, Divinchenzoning qaytishining taxminiy muddatlari aytildi — Charania
«Minnesota» himoyachisi Donte Divinchenzo 2026/27 yilgi NBA muntazam chempionatida Yangi yil atrofida debyut qilishi mumkin. Bu haqda ESPN jurnalisti Shams Charania X ijtimoiy tarmogʻida maʼlum qildi.

Basketbolchi jamoa bilan toʻlaqonli mashgʻulotlar oʻtkazish uchun allaqachon ruxsat oldi. Soʻnggi haftalarda u «beshga besh» formatidagi ikki tomonlama oʻyinlarda ham qatnashdi.
Aprel oyida Divinchenzo oʻng oyogʻining uzilgan Axilles payi boʻyicha operatsiya qilindi. U jarohatni «Denver»ga qarshi pley-offning birinchi bosqichidagi seriyaning toʻrtinchi oʻyinida olgan.
Oʻtgan muntazam mavsumda himoyachi 82 ta oʻyinning barchasida qatnashib, oʻrtacha 12,2 ochko toʻpladi, 4,1 ta ribaund oldi, 3,8 ta golli uzatma berdi va 1,3 ta toʻpni olib qoʻydi. U 244 ta aniq uch ochkolik zarba bilan «Minnesota»da ushbu koʻrsatkich boʻyicha yetakchiga aylandi.





